O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Faol ishbilarmonlik muhitini shakllantirishni yanada rahbatlantirish, soliq majburiyatini bajarishda aholi tomonidan ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2023 yil 14 iyundagi PQ-192-son qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar hisobdan chiqariladi:
✔️2023 yil 1 iyun holatiga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (noturar ko‘chmas mulk ob’yektlari bundan mustasno) bo‘yicha muddatida to‘lanmagan qarziga hisoblangan penya summalari;
✔️2023 yil 1 iyun holatiga oxirgi 6 oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqdan shakllangan qarzi, unga hisoblangan penya hamda jarimalar;
✔️2023 yil 1 iyun holatiga xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning tashqi savdo operasiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun qo‘llanilgan jarimalar.
Belgilansinki, tashqi savdo operasiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlikning vujudga kelish muddati 2023 yil 1 iyundan boshlab yangidan hisoblanadi.
✔️2024 yil 1 iyunga qadar yer uchastkalaridan hujjatlarsiz foydalanayotgan jismoniy shaxslarga yer solig‘ining uch karra oshirilgan stavkasida soliq hisoblash tartibini to‘xtatib turiladi.
✔️Fermer xo‘jaliklariga 2023 yil 1 iyun holatiga shakllangan suv solig‘idan qarzini o‘n ikki oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Bunda Soliq qo‘mitasi soliq qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi arizalarni elektron tarzda qabul qilib, ularning Soliq kodeksida belgilangan shartlarsiz besh kungacha muddatda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.
✔️Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operasiyalarni soliq organlarining “Ye-aktiv” axborot tizimida ixtiyoriy aks ettirish tartibining amal qilish muddati 2024 yil 1 aprelga qadar uzaytiriladi.
✔️2023 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 iyulga qadar issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinganda respublika byudjetidan tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi:
– har bir besh sotix yer maydoni uchun oyiga kamida bir nafar ishchining bandligini ta’minlanganda;
– har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanganda;
-issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan issiqxona faoliyati bo‘yicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etganda.

By admin