Avval xabar berganimizdek, saylov uchastkalaridagi kuzatuvchi – mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda mahalla faollarining bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishga qaratiigan o‘quv seminarlari bo‘lib o‘tmoqda.

Guliston shahrida joylashgan musiqa va san’at maktabi majlislar zalida o‘tkazilgan o‘quv seminarida shahar hamda Guliston va Mirzaobod tumani vakillari uchun «Demokratiya va inson huquqlari» instituti direktori, yuridik fanlari nomzodi Sayyora Xodjayeva “O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar va ularnig xalqaro me’yorlarga mosligi” mavzusida ma’ruza qildi. Shu institut eksperti Nigora Yoqubova ishtirokchilarga fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ularning vakolatlari, funksiyalari, vazifalari to‘g‘risida tushuncha berdi. Shuningdek, Guliston shahar Adliya bo‘limi mas’ullari muddatidan oldin ovoz berish tartibi va bu jarayonda kuzatuvchilarning vazifalariga to‘xtalib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, kuzatuvchi – saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan shaxsdir. Ularning maqsadi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat.

Seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.

By admin