Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga berilayotgan imkoniyat va qulayliklar kelajagimiz egalarining munosib vorislar bo‘lib voyaga yetishishlarida muhim o‘rin tutmoqda.

Yaqinda  Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev tizimda faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan uchrashuvda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli qiziqarli va foydali tadbirlar o‘tkazilishini bildirib, yoshlarni yetuk kadr, o‘z sohasining haqiqiy egasi bo‘lishida barcha mutasaddilar mas’ul ekanligini ta’kidlagan edi.

Vazir maslahatchisi Qudratilla Odinaev tizimda ishlayotgan sirdaryolik yoshlar bilan uchrashib, ular bilan dildan suhbatlashdi.

Ta’kidlanganidek, vazirlikning tizimda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga taalluqli barcha yo‘nalishlar qamrab olingan. Jumladan, yoshlarning malakasini oshirish bo‘yicha xorijga yuborish, xalqaro o‘quv kurslarida ishtirokini ta’minlash joriy etilmoqda. Buning uchun esa yoshlar xalqaro talablarga javob berishi kerak. Shuning uchun ham har bir yosh o‘z ustida tinimsiz ishlashi shart.

O‘z navbatida ishtirokchilar monomarkaz o‘qituvchilarini jalb qilgan holda til o‘rganish bo‘yicha onlayn o‘quv kursini tashkil etish, “Zakovat” intelektual o‘yinining hududiy bosqichini o‘tkazish, hokim yordamchilari o‘rtasida «Eng namunali, eng intiluvchan hokim yordamchisi» ko‘rik tanlovini joriy etish kabi ko‘plab takliflarini bildirishdi.

Dastur ijrosi va bildirilgan takliflarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha amaliy natijalar qisqa muddatda samarasini berishiga ishonch hosil qilgan yoshlar uchrashuvdan ulkan taasurot va motivatsiya olishdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

By admin