O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarga “amnistiya” e’lon qilindi. Yerlarni qonuniylashtirish qanday asos va tartibda kechadi?
1. Qonunni qabul qilish zaruriyati nimadan iborat?
Hozirgi kunda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi yer egasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetmagan yer uchastkalari mavjud.
Qolaversa, amaldagi qonunchilikda ushbu yerlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish uchun huquqiy asos ham, vakolatli organ ham belgilanmagan.
Hozirgacha huquqlarni e’tirof etish masalasida jami 5 marta “aksiya” e’lon qilingan. Xususan:
respublika bo‘yicha: 03.08.2016 yildagi 251-son Hukumat qarori asosida 695 738 ta, 20.04.2018 yildagi PF–5421-son Farmon asosida 621 580 ta;
ayrim hududlarda: 19.04.2021 yildagi 223-son Hukumat qarori asosidaNukus shahrida, 13.08.2021 yildagi 520-son Hukumat qarori asosida
Asaka, Shahrixonda, 28.07.2023 yildagi PF–119-son Farmon asosida Qoraqalpog‘istonda.
Shu sababli, joriy yilning 5 avgustida Prezident tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.
Qonun 35 moddadan iborat bo‘lib, 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi. Mazkur Qonun 3 oydan keyin kuchga kiradi.
2. Qanday toifadagi mulklarga mulk huquqi e’tirof etiladi?
Qonunga asosan quyidagi ko‘chmas mulklarga nisabatan huquqlar e’tirof etilishi belgilandi:
1) 2018 yil 1 may kuniga (2018 yildagi “bir martalik aksiya”ga) qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
2) 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
3) “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
4) 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;
(“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasiga muvofiq (15.09.2020 y. tahriri) viloyat, tuman, shahar hokimliklarining yer munosabatlari sohasidagi qarorlari Xalq deputatlari tegishli Kengashi tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
5) bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
6) kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martga qadar joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga;
7) davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga;
8) hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga.
Bunda, ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun to‘qson to‘qqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq to‘qqiz yil etib belgilanmoqda.
3. Ko‘chmas mulklar qanday shartlar asosida qonuniylashtiriladi?
Huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari sifatida quyidagilar belgilandi:
1) yer uchastkasi boshqa shaxsga ajratilmaganligi yoki auksionga chiqarilmaganligi;
2) yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi;
3) yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;
4) muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi;
5) bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud bo‘lsa)
6) har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).
4. Egallab olingan hamma hudud qonuniylashtirilib beriladimi?
Yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagi hajmgacha e’tirof etiladi:
1) 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan bo‘lsa – 0,24 gektargacha;
2) 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda.
Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.
Shuningdek, yer uchastkalari boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibidan Toshkent, Nukus shaharlari yoki viloyat markazlari hududi tarkibiga o‘tkazilgan hollarda, yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi ular avval joylashgan ma’muriy-hududiy birlikdagi ijara huquqini e’tirof etish shartlariga muvofiq amalga oshiriladi
5. Kimga murojaat qilish kerak?
Fuqarolarning hech bir davlat organiga murojaat qilish talab qilinmaydi.
Barchasini davlat organlari fuqarolar uchun o‘zlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi.
Huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, buning uchun Kadastr agentligi har yili viloyat hokimlari takliflari asosida reja-jadval tasdiqlaydi, unga asosan:
1) Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi;
2) 10 dan ortiq vakolatli organ (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi;
3) Avtomatlashtirilgan axborot tizimida to‘liq shakllantirilgan elektron yig‘majild ma’lumotlari tegishli fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarining e’lonlar uchun burchaklarida, Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida hamda boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka e’lon qilinadi;
4) manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar ushbu ma’lumotlar bo‘yicha vakolatli tashkilotlarga shikoyat qilishi mumkin;
5) to‘plangan barcha hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi tizim orqali Adliya vazirligining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan o‘rganib chiqiladi;
6) ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi (fuqaro ariza berishi talab etilmaydi);
7) xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi(erga – ijara huquqi, bino-inshootga – mulk huquqi).
Ish davomida yuzaga keladigan joriy masalalarni hal qilish uchun xalq deputatlari tuman Kengashi qarori bilan barcha vakolatli organlarning tuman bo‘linmalaridan iborat Ishchi guruhlar tuziladi.
6. Qancha to‘lov undiriladi?
Huquqlarni e’tirof etganlik uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi:
1) Toshkent shahrida – BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m);
2) Nukus shahri va viloyat markazlarida – BHMning 3 baravari (1,02 mln so‘m);
3) viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda – BHMning 2 baravari
(680 ming so‘m);
4) boshqa aholi punktlarida – BHMning 1 baravari (340 ming so‘m);
5) Qolgan hollarda esa (hujjatda ko‘rsatilganidan ortiqcha egallangan yerlar, tijorat maqsadlari uchun ajratilgan yerlarda), bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi (o‘rtacha auksion bahosi tumanlar va mahallalar kesimida Davaktiv agentligi tomonidan har olti oyda e’lon qilinadi).
Bunda, I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘lagan shaxslar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga 50 foiz chegirma beriladi.
(bir martalik to‘lovlarning 64% qismi ko‘chmas mulk joylashgan hududdagi infratuzilmani tashabbusli byudjetlashtirish tadbirlariga yo‘naltiriladi).
7. Ishlarning qonuniy bo‘lishini kim nazorat qiladi?
Prokuratura, ichki ishlar, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va kadastr organlari Qonunni amalga oshirishda davlat nazoratini o‘rnatadi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarori bilan har bir mahallada jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi.
Jamoatchilik guruhiga mahalla joylashgan okrugdan saylangan tuman Kengashi deputati (guruh rahbari), mahalla raisi, har 100 nafar oiladan kamida 1 nafardan fuqarolar kiritiladi.
Vazifalari: aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, ma’lumotlar to‘g‘riligini kuzatib borish, xalq deputatlari viloyat Kengashlari qarorlari loyihalarining muhokamasida ishtirok etish hisoblanadi.