Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboeva tizimda ishlayotgan sirdaryolik yoshlar bilan uchrashdi.
Shirin shahridagi “Yoshlar markazi”da do‘stona va samimiy ruhda o‘tkazilgan uchrashuvda vazir o‘rinbosari hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Yoshlarga nafaqat ish faoliyatida, balki oilada, jamiyatda munosib o‘rin egallab, Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishlarida bor bilim, kuch-g‘ayratlarini safarbar etishlari zarurligini uqtirdi. Ko‘zlagan maqsadlariga erishish yo‘lida as qotadigan maslahatlarni berdi. Yurtimizda yosh avlodga berilayotgan e’tibor, ularga yaratilayotgan qulayliklarga ko‘plab davlatlar yoshlarining havasi kelishiga xizmat safarlari, xalqaro anjumanlar chog‘ida ko‘p bora guvoh bo‘lishini ta’kidlagan R.Turdiboeva tizim yoshlari ham bunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, ulkan yutuq va samarali natijalarga erishish orqali “labbay” deya javob berishlari lozimligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida sirdaryolik yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va takliflarini bildirishdi.
Jumladan, yoshlar yetakchisi A.Ernazarov respublika miqyosida tizim xodimlari uchun ixtisoslashgan dam olish va salomatligini tiklash maskanini tashkil etish taklifini berdi. Shuningdek, Sirdaryoda “Yoshlar bog‘i”ni barpo etish, talabgor yoshlarga uy-joy olishlariga ko‘maklashish maqsadida vazirlikning Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ma’lum muddatga ssuda ajratish amaliyotini yo‘lga qo‘yish takliflari ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir yakunida yoshlarning shijoatini, intilishini qo‘llab-quvvatlar, ularning birdamligi va ahilligini yanada oshirish yo‘lida “Uch avlod uchrashuvi”, sport musabaqalari, intellektual o‘yin hamda turli tanlovlarni muntazam o‘tkazish yuzasida mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.