Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan Guliston shahridagi “Ishga marhamat” Monomarkazi 2021 yil iyun oyidan o‘qish uchun qabul jarayonlarini boshlagandi. Hozirda markazda 26 ta yo‘nalishda shundan, 20 ta yo‘nalishda kasb-hunarga ixtisoslashgan, 6 ta boshqa yo‘nalishlarda (axborot texnologiyalar yo‘nalishida 3 ta, Xorijiy tillarni o‘rgatish sohasi 3 ta) jami 37 ta guruh tashkil etilib, 543 ta tinglovchilar tahsil olmoqda.

Sirdaryo viloyati bo‘yicha Guliston Monomarkazida bitiruvchilardan 11 nafari “Temir daftar”da, 47 nafari “Ayollar daftari”da, 62 nafari “Yoshlar daftari”dan ro‘yxatga olingan fuqorolar hisoblanadi. Qisqa vaqt mobaynida ko‘pchilikning ishonchini qozonib kelayotgan Guliston «Ishga marhamat» Monomarkaziga bugungi kunda Ayollar sartaroshi, Tikuvchilik, Qandolatchi, Yosh bollar uchun enaga (tarbiyachi yordamchi) guruhlariga talab yuqori darajada bo‘lib kelmoqda.

Bugun ushbu markazda O‘zbekiston sartaroshlar va kosmetologlar uyushmasi tomonidan mahorat darsi o‘tkazildi. Unda uyushma raisi Farxod Shomurodov, xalqaro toifadagi stilist-sartarosh mutaxassislar Gulnoza Xayrullina va Abduvali Arifxo‘jayevlar ishtirok etishdi.

— Yaqinda poytaxtimizda sartaroshlar va kosmetologlar o‘rtasida respublika chempionati bo‘lib o‘tadi — deydi O‘zbekiston sartaroshlar va kosmetoloklar uyushmasi raisi Farxod Shomurodov. — Ushbu nufuzli musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mahorat darsiga Xalqaro toifadagi ayollar va erkaklar sartaroshlari taklif etilgan. Sirdaryoda boshlangan bu kabi uchrashuv-seminarlar, kelgusida Jizzaxda, Buxoroda va Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘tkazilgan seminar so‘nggida uyushma tomonidan markaz tinglovchilariga maxsus sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, Guliston “Ishga marhamat” Monomarkazi va O‘zbekiston sartaroshlar va kosmetologlar uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Memorandumda ta’lim sifatini oshirish, o‘zaro hamkorlik, nazariy hamda amaliy bilimlar almashish, tajriba almashinish, mutaxassislar, o‘qituvchilar malakasini oshirish sohasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash belgilab qo‘yildi.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin

Fikr bildirish